Joriy yil 16 yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo’yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tgan edi.
Unda hisob palatasi xodimlari byudjetdan eng ko’p mablag’oladigan 12 ta vazirlik, shu jumladan Sog’liqni saqlash vazirligiga biriktirilib, byudjet intizomini tartibga solish masalalariga mas’ul etib belgilandi.
Mazkur yo’nalishda bajarilgan ishlar, oldinda turgan vazifalar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish maqsadida bugun vazirlikda yig’ilish o’tkazildi.
Unda videkonferentsaloqa shaklida Xorazm viloyatidan Sog’liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov, vazir o’rinbosarlari, hisob palatasi raisining birinchi o’rinbosari Mehriddin Abdullaev, Bosh prokuror o’rinbosari Salom Samadov, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari, davolash muassasalari rahbarlari, tibbiyot oliy o’quv yurtlari rektorlari, shuningdek hududlardagi studiyalardan viloyat sog’liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari va buxgalteriya hisobi xodimlari ishtirok etdi.
Yig’ilishda ta’kidlanganidek, hisob palatasining biriktirilgan xodimlari vazirlikning tegishli tuzilma mas’ullari bilan birgalikda:
– byudjet mablag’larini to’g’ri sarflanishini nazorat qilish, moliyalashtirish va boshqa tashkiliy masalalardagi Qonunchilik bilan bog’liq muammolar va bo’shliqlarni bartaraf etish;
– samarasiz xarajatlarni optimallashtirib, mablag’larni sohadagi boshqa zarur yo’nalishlarga yo’naltirish;
– tender va tanlovlarni qonuniy va shaffof o’tkazilishini doimiy nazorat qilib borish;
– sohadagi barcha xarajat va daromadlarni masofaviy audit orqali kunlik monitoringini amalga oshirish kabi vazifalarni bajaradi.
Sog’liqni saqlash tizimida byudjet mablag’larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan nazorat olib borish bo’yicha Respublika va hududiy ishchi guruhlarning tarkibi va tegishli «yo’l xarita»si tasdiqlandi. Hozirda ishchi guruh vazirlik hamda hududlarda o’z ish faoliyatini boshlab yubordi.
Shuningdek, vazirlikda masofaviy auditni yo’lga qo’yish maqsadida tibbiyot muassasalarida amalga oshirilayotgan har bir moliyaviy operasiyani ko’rish hamda nazorat qilish imkoniyatini beruvchi Situasion markaz tashkil qilindi.
Qayd etilganidek, bu ishlarning asosiy maqsadi sohada byudjet qonunchiligi buzilishi, korrupsiyaviy xatti-haraktalar va moliyaviy kamchiliklarga yo’l qo’yilishining oldini olishdan iborat.
Yig’ilishda tizimda korrupsiyaga yo’l qo’ygan har bir mas’ul shaxs uchun jazo muqarrar ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o’tgan muloqotda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, soha mas’ullari oldiga bir qator vazifalar qo’yildi.
Xususan, sog’liqni saqlash sohasidagi qurilish ishlari ustidan qat’iy nazorat o’rnatiladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, viloyat sog’liqni saqlash boshqarmalari tasarrufidagi asosiy vositalar, tibbiy asbob-uskunalar, dori vositalari va sarflov materiallar qoldig’i hamda tibbiyot muassasalarida vazifasini takrorlovchi lavozimlar to’liq xatlovdan o’tkaziladi.
2024 yilga mo’ljallangan tibbiyot muassasalari ob’ektlarini yangidan qurish, rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash ob’ektlari uchun ajratilayotgan mablag’larning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish tizimi joriy etiladi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

