Yangiliklar
Bugun Shahrisabz shahrida tibbiyot sohasi mutaxassislari uchun muhim tadbir — “O‘pkadan tashqari a’zolar tuberkulyozini tashxislash va davolashda innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika ilmiy amaliy anjuman o‘tkazildi.Ushbu tadbir akademik Sh.Alimov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va sog`liqnii saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi PQ–12-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, 2023–2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada takomillashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga doir strategiyalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
🔴Nega aynan o‘pkadan tashqari tuberkulyozga e’tibor qaratish muhim?
❗️Sil kasalligi ko‘pincha faqatgina o‘pkaga bog‘liq deb hisoblanadi. Biroq so‘nggi yillarda, ayniqsa immuniteti zaif insonlar orasida, o‘pkadan tashqari a’zolarni zararlaydigan tuberkulyoz turlari ham keng tarqalmoqda. Bu turdagi sil nafaqat nafas a’zolariga, balki suyak, buyrak, limfa tugunlari, hatto miya pardalarigacha ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli bunday kasalliklarni erta aniqlash, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va muvaffaqiyatli davolash tibbiyot jamoatchiligi uchun ustuvor masalaga aylangan.
☄️Ilmiy anjumandan olingan asosiy xulosalar:
✔️O‘pkadan tashqari tuberkulyozni aniqlashda zamonaviy tashxis usullari, jumladan molekulyar-genetik tahlillar va biopsiya asosidagi diagnostika muhim ahamiyat kasb etmoqda.
✔️Multimodal yondashuv — ya’ni tasviriy diagnostikalar (rentgen, KT, MRT), laboratoriya va klinik ma’lumotlarni uyg‘unlashtirish tavsiya etildi.
✔️Davolashda individual yondashuv talab etiladi, chunki har bir bemorning kasallik kechishi, organizmi va fon kasalliklari har xil.
✔️Antibiotiklarga chidamli tuberkulyoz holatlari ortib borayotgani sababli, yanada samarali va barqaror dori-darmonlardan foydalanish taklif qilindi.
🕯Tibbiyot yo‘nalishidagi ilmiy anjumanlarning ahamiyati va kelgusidagi rejalar
Ushbu anjuman nafaqat ilm-fan aloqalarini mustahkamlash, balki ilmiy anjumanda ishtirok etgan respublikamizning barcha xududlaridan tashrif buyurgan 60 nafar va viloyatimizning 100 nafardan oshiq mutaxassislarini o‘zaro tajriba almashish, bilim va malakasini oshirishga, tashxislash va davolashdagi innovatsion yondashuvlarni joriy etishda zamonaviy amaliyotlarni keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Qashqadaryo viloyati sog’liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati